Til millat iftixori

Assalomu alaykum, aziz ustozlar, hurmatli hamkasabalar! Mustaqil yurtning barkamol yoshlari. Bugungi “Til millat iftixori” mavzusidagi “Til bayrami”ga xush kelibsiz!

Inson go‘zalligi, ma’naviyati, buyuk merosi, hatto olam barqarorligining asosi ham bu – tildir. Shu sabab onadek aziz o‘z ona tilimizni asrab-avaylash, e’zozlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Darhaqiqat, inson o‘z ona tilisi bilan uyg‘ayadi, kamolga yetadi. Mana shu til bilan yashab o‘tadi. Komillikning birinchi belgisi ham namoyon bo‘ladi.

Zero, nutqning go‘zalligi, tilning burroligi, ifodaning aniqligi inson uchun o‘ziga xos husndir, bu husn oxir-oqibatda jamiyatning, millatning husnini ko‘rsatadi.

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni. 1989 yil Millatimiz ziyolilari mehnatlari evaziga bunga erishilgan. 

Davlat rahbari tomonidan 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, ushbu tarixiy sana bayram kuni deb belgilangan. Bu bejiz emas.

O‘zbekistonning “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni bundan 35 yil oldin, 1989 yil 21 oktyabrda – Mustaqilligimiz e'lon qilinishidan taxminan ikki yil ilgari qabul qilingan. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish oson kechmagan.

Haqiqatan ham, o‘sha davrda o‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi.

Shuni ham qayd etish kerakki, 1989 yili “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda aks etgan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik, 1992 yilda Mustaqillik Qomusi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi:

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili ham hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani, maktablarimizda ta'lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanini ta'kidlash o‘rinlidir. Yurtimizda chet tillarga ixtisoslashgan hamda o‘quv mashg‘ulotlari xorijiy tillarda o‘tiladigan ta'lim maskanlari soni ortib borayotgani ham shu sohadagi muhim o‘zgarishlar natijasidir.

Ayni damda sayyoramiz aholisi 7,7 mlrd.ni tashkil etib, 7000 dan ziyod tilda so‘zlashadi. Ana shu tillarning atigi bir foizida, ya'ni 70 ta tilda Yer shari aholisning 90%i gaplashadi. Qolganlari kam foydalanadigan, yo‘qolib ketish arafasida turgan tillardir.

Quvonarlisi shuki, bizning tilimiz ana shu barqaror 1%ga kiradi. O‘zbek tilida Yer yuzida 50 millionga yaqin aholi gaplashadi. Bu Yer yuzida har 150 kishidan biri o‘zbek tilida so‘zlaydi, degani. Boshqacha aytganda, o‘zbek tili so‘zlashuvchilar soniga ko‘ra sayyoramizda eng keng tarqalgan, har birida kamida 30 million aholi gaplashadigan 40 ta tildan biri hisoblanadi.

O‘zbek tili – Afg‘onistonda ham rasmiy davlat tili!

Ma’lumki, yon qo‘shnimiz Afg‘oniston ko‘p millatli davlat bo‘lib, uning 33 millionli aholisi 14 ta milliy-etnik guruhlardan tarkib topgan. Eng katta milliy-etnik guruhlar sifatida pushtunlar (aholining 50%i) tojiklar (23%), o‘zbeklar (11%) va xazoriylarni (10%) sanab o‘tish mumkin.

Shu bois, o‘zbek tili Afg‘onistonda davlat tili deb rasman tan olingan. Bu to‘g‘rida 2004 yilda qabul qilingan «Asosiy Qonun», ya’ni Afg‘oniston Konstitutsiyasida alohida qayd etilgan. Konstitutsiyaning 1-bobi 4- va 16-moddalarida Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi ko‘p sonli o‘zbeklar yashaydigan mintaqalarda o‘zbek tili (dariy va pushtu tillari bilan bir qatorda) rasmiy davlat tili sifatida qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bun o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilgan. Universitet qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus o‘quv kursi hamda Alisher Navoiy xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgan.

O‘tgan qisqa davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug‘at nashr qilingan. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgan.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo bo‘lgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta'sis etildi.

Xulosa qilib aytganda, ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli ekanini e'tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Binobarin, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida oldimizda katta va mas'uliyatli vazifalar turibdi.

Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta'minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.

Hurmatli hamkasblar!

Sizlarni va Siz orqali oila a'zolaringizni, soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan barcha xodimlarni bugungi muhim sana - O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Bugun ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligini nishonlamoqdamiz. Tilimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatish nafaqat ushbu kunni munosib nishonlash, balki tilning sayqallanishi, sof o‘zbek tilining avlodlarimizgacha yetib borishiga o‘z hissamizni qo‘shish bilan namoyon bo‘ladi.

Aziz hamkasblar!

Sizlarni yana bir bor ushbu shukuhli kun - O‘zbek tili bayrami munosabati bilan chin dildan tabriklayman. Xalqmiz dasturxoniga fayz-baraka, barchangizga sog‘liq, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!