Fransuz olimlarining institutimizga tashrifi
- Bosh sahifa
- Fransuz olimlarining institutimizga tashrifi
2026 yil 29 aprel kuni Oʻsimlik moddalari kimyosi institutiga Fransiyaning Tur shahri (Tours)dan tashrif buyurgan taniqli olima professor Nathalie Guivarc'h keldi.
U University of Tours Fan va texnika fakulteti professori hamda Oʻsimlik biomolekulalari va biotexnologiya laboratoriyasi (BBV – EA2106) direktori hisoblanadi. ProfessorNathalie Guivarc'h Paris-Sud University (Paris-Orsay)da oʻsimliklar fiziologiyasi boʻyicha doktorlik darajasini olgan. 1996 yildan buyon Tur universitetida faoliyat yuritib, oʻsimliklarning ixtisoslashgan metabolizmi va uning farmakologiya, kosmetologiya hamda oʻsimliklarni himoya qilish sohalaridagi qoʻllanilishi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
2008 yildan professor unvoniga ega boʻlgan, 2012 yildan esa laboratoriya rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U mintaqaviy (biopharma va kosmetik fanlar), milliy hamda Yevropa darajasidagi koʻplab ilmiy va sanoat loyihalarida ishtirok etgan.
Shuningdek, u 2011 yildan Biotexnologiya markazi boshqaruv kengashi aʼzosi (2014–2015 yillarda prezident), 2010 yildan esa “Cosmetic Valley” ilmiy maslahat kengashi aʼzosi hisoblanadi. U GDR 3711 Cosm’actif (2015–2023) hamda MétaSP (2014) milliy tarmogʻining hammuassisi boʻlib, 2019 yildan buyon ushbu tarmoqqa rahbarlik qilib kelmoqda.
Ilmiy taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratgan holda, u 2005 yilda biotexnologiya va huquq yoʻnalishida qoʻshma magistratura dasturiga asos solgan va hozirgacha ushbu dasturga rahbarlik qilib kelmoqda.
2024 yil dekabr oyida u texnologiyalar transferi va hamkorlik aloqalari boʻyicha vitse-rektor lavozimiga saylangan.
Mazkur tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston bilan kosmetologiya, farmatsevtika hamda kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida ilmiy-texnik hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat.



© 2024 OʻzR FA OʻMKI. Barcha huquqlar himoyalangan.