Yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (HPLC) zamonaviy analitik kimyoning asosiy vositasi
- Bosh sahifa
- Yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (HPLC) zamonaviy analitik kimyoning asosiy vositasi
Yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (HPLC) zamonaviy analitik kimyoning asosiy vositasi
Institutimizda yosh olimlarning zamonaviy analitik uskunalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (High Performance Liquid Chromatography, HPLC) usuliga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar zamonaviy analitik kimyoning eng muhim instrumental metodlaridan biri bo‘lgan HPLC texnologiyasining nazariy asoslari, ajratish mexanizmlari hamda yuqori sezgirlik va selektivlikka ega tahliliy imkoniyatlarini chuqur yoritishga qaratildi. Seminarda institutning yosh olimlari, stajyor-tadqiqotchilar va doktorantlar faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida institut katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi Rasul Ya. Okmanov tomonidan HPLC usulining asosiy prinsiplari statsionar va mobil fazalar o‘rtasidagi taqsimlanish, adsorbsiya va ion almashinish mexanizmlari, shuningdek, deteksiya tizimlari (UV-Vis, fluoresans va mass-spektrometriya bilan bog‘langan tizimlar) keng qamrovda tushuntirib berildi.
Alohida e’tibor HPLC metodining ilmiy va amaliy ahamiyatiga qaratildi. Xususan, ushbu usul murakkab tabiiy aralashmalardan biologik faol birikmalarni ajratib olish, ularning strukturaviy identifikatsiyasi va miqdoriy tahlilini amalga oshirishda yuqori aniqlik va takrorlanuvchanlikni ta’minlashi ta’kidlandi. HPLC bugungi kunda farmatsevtika, biotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik monitoring hamda tabiiy mahsulotlar kimyosi sohalarida fundamental va amaliy tadqiqotlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
Seminar davomida uskunaning ishlash prinsipi, kolonka tanlash mezonlari, mobil faza optimizatsiyasi va gradient elyutsiya rejimlari kabi amaliy jihatlar ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil ilmiy asoslangan javoblar berilib, interaktiv muhitda samarali bilim almashinuvi ta’minlandi.
Mazkur seminar yosh tadqiqotchilarning zamonaviy analitik yondashuvlarni egallashida muhim qadam bo‘lib, ularning kelgusidagi ilmiy izlanishlarida yuqori aniqlikdagi instrumental metodlardan samarali foydalanish kompetensiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram: https://t.me/uzicpsuz/853
Facebook: https://www.facebook.com/share/p/1BdU9PgHpm/





© 2024 OʻzR FA OʻMKI. Barcha huquqlar himoyalangan.