Terpenoidlar va fenol birikmalar kimyosi laboratoriyasi haqida ma'lumot

       Laboratoriya mudiri kimyo fanlari doktori, professor Erkin Xojiakbarovich Botirov.

Laboratoriyada 2 nafar fan doktori (Dsi), 1 nafar fan nomzodi, 4 nafar kimyo fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), 5 nafar tayanch doktorant va 2 nafar laborant faoliyat koʻrsatmoqdalar.

       Laboratoriya laktonlar va kislotalar kimyosi hamda kumarinlar kimyosi laboratoriyalari negizida tashkil etilgan boʻlib, 2021-yilda u terpenoidlar va fenol birikmalari kimyosi laboratoriyasi deb nomlangan.

       Laboratoriyada Oʻzbekiston florasi oʻsimliklarining biologik faol terpenoidlari va fenol birikmalarini kompleks oʻrganish boʻyicha fundamental fitokimyoviy tadqiqotlar olib borilmoqda, ularning oʻsimliklarda toʻplanish dinamikasi oʻrganiladi, ajratilgan moddalarning kimyoviy modifikasiyalari amalga oshiriladi, farmakologik ta'sir mexanizmlari va biologik faollikni moddalarning kimyoviy tuzilishiga bogʻliqlik qonuniyatlari aniqlanadi. Laboratoriyaning vazifalariga Oʻzbekiston florasi oʻsimliklarida terpenoidlar, kumarinlar, flavonoidlarni izlash, ularni ajratib olish usullarini ishlab chiqish, yangi birikmalarning kimyoviy tuzilishini, biologik faolligi va kimyoviy tuzilishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlash kiradi.

       Laboratoriyada oʻsimliklarning tabiiy terpenoidlar va fenol birikmalari asosida neyroprotektiv, adaptogen, yalligʻlanishga qarshi ta'sirga ega boʻlgan hamda yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet va revmatoid artritni davolash uchun zarur boʻlgan  yangi samarali dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar yaratish boʻyicha maqsadli amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

       Laboratoriyada Oʻzbekiston florasining Asteraceae, Apiaceae, Fabaceae, Lamiaceae, Geraniaceae, Rutaceae, Polygonaceae, Geraniaceae, Orobanchaceae oilalariga mansub oʻsimliklarning terpenoidlari va fenol birikmalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ajratilgan moddalar mono-, seskvi- va diterpenoidlar, seskviterpen efirlari va laktonlari, fenolkarbon kislotalar, sikloartanlar va ularning glikozidlari, flavonoidlar, diterpenoidlar, proantosianidlar va boshqa tabiiy birikmalarga mansubdir. Farmakologik tadqiqotlar natijasida ajratilgan terpenoidlar va fenol birikmalar orasida estrogen, adaptogen, neyrotrop, antigipoksik, gipoazotemik, gepatoprotektiv, gipoksiya va yalligʻlanishga qarshi, antioksidant, angioprotektiv, gipolipidemik, xoleretik, kardiotonik ta'sirga ega birikmalar aniqlangan.

     Laboratoriya xodimlari tomonidan mustaqillik yillarida olib borilgan tizimli ilmiy izlanishlar natijasida 1300 dan ortiq birikmalar ajratib olindi, 150 dan ortiq yangi terpenoidlar, kumarinlar, flavonoidlar, lignanlar, fenolkarbon kislotalar va proantosianidlarning tuzilishi va konfigurasiyasi aniqlandi. Ferula turkumiga mansub 50 tur oʻsimliklarning terpenoidlar oʻrganildi va ulardan 250 ta tabiiy birikma ajratildi.  Ferula turkumiga mansub oʻsimliklar tarkibida terpenoid kumarinlar va seskiterpen laktonlaridan tashqari, ushbu turkumga xos boʻlgan yangi terpenoidlar guruhi - aromatik va alifatik kislotalar bilan terpenoid spirtlarining efirlari borligi birinchi marta aniqlandi.

       Fundamental tadqiqotlar bilan bir qatorda ajratilgan biologik faol birikmalarni tibbiyot va veterinariya amaliyotiga joriy etish ishlari olib borildi. Terpenoid efirlari asosida tefestrol (estrogen ta'sirga ega), ferulen (adenoma va oʻsmalarga qarshi), flateron (gipoxolesteremik ta'sirga ega), nefrosizin (gipoazotemik ta'sirga ega), flanorin (gepatoprotektor ta'sirga ega), oligvon (anterosklerotik ta'sirga ega) dori vositalari yaratilgan. Parrandachilikda tovuqlar tuxumini koʻpaytiruvchi panoferol (ponarut-98) va kufestrol preparatlari keng qoʻllanilmokda. Ushbu dori vositalarining substansiyalarini ishlab chiqarish institutning tajriba ishlab chiqarish korxonasida  amalga oshirilmoqda.

      Kavergal, katasin, termitosidepin, kuspinolid, geranil, gelmintabs, fetidin preparatlarining klinikoldi sinovlari boʻyicha tadqiqotlar yakunlandi.

Laboratoriya xodimlari tomonidan farmakologlar, texnologlar va botaniklar bilan xamkorlikda yaratilgan preparatlar

Substansiya

Oʻsimlik manbai

Farmakologik ta'siri

Ishlab chiqaruvchi korxona

Flateron

Thermopsis alterniflora

Aterosklerozga karshi vosita, angioprotektor va gipolipidemik ta'sirga ega

"NIKA FARM"  korxonasida 0.1 g x 100 dona tabletkalar holida chiqariladi

Tefestrol

Ferula tenuisecta

Estrogen ta'sirga ega boʻlib, ginekologik kasalliklarni davolashda ishlatiladi

“Uzximfarm” korxonasida 5 mg x 10 dona tabletkalar holida chiqariladi

Ferulen

Ferula tenuisecta

Prostata adenomasi va  oʻsmalarini davolashda ishlatiladi

"NIKA FARM"  korxonasida 40 mg x 30 dona kapsulalar holida chiqariladi

Panorut-98

Ferula tenuisecta

Parrandachilikda tovuqlar tuxumini koʻpaytirishda ishlatiladi

“Neovia group” (Fransiya) korxona- sida chiqariladi

Sinarozid

 Ferula varia

Gipoazotemik ta'sirga ega boʻlib, qonda mochevina va qoldiq azot miqdori koʻpayishi bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda ishlatiladi.

 «NIKA FARM» korxonasida 50 mg  x 30 dona tabletkalar holida chiqariladi

Kufestrol

Ferula kuhistanica

Parrandachilikda tovuqlar tuxumini koʻpaytirishda ishlatiladi

Instituning tajriba-ishlab chiqarish korxona sida ozuqa qoʻshim- chasi holida chiqariladi

Flanorin

Pseudosophora alopecuroides

Jigar va oʻt pufagi kasalliklarini, oʻtkir va virusli gepatitni davolashda hamda jigar faoliyatini yaxshilashda  ishlatiladi,

 «NIKA FARM» korxonasida gipoflan tabletka- lari holida chiqariladi

Oligvon

Artemisia leucodes

Aterosklerozni davolovchi vosita boʻlib, tibbiyotda qoʻllashga tavsiya etilgan.

 

 

       Laboratoriya xodimlari tomonidan 6 ta doktorlik (Dsi) va 30 dan ortiq fan nomzodi xamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun dissertasiyalar himoya qilingan, 4 ta monografiya chop etilgan. Ilmiy maqolalarning asosiy qismi (100 dan ortiq) Scopus va Web of Science xalkaro maʼlumotlar bazalariga kiritilgan jurnallarda chop etilgan.

       Laboratoriyada 6 ta fundamental, 8 ta amaliy va 2 ta xalqaro loyihalar boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan.

       Laboratoriyada xorijiy davlatlar fuqarolari Batsuren Dulamjavin – kimyo fanlari doktori (Moʻgʻuliston Xalq Respublikasi), Kim Kvan Xi – kimyo fanlari nomzodi (KXDR), Oybek Malik – kimyo fanlari nomzodi (XXR), Bijanova Karligash – kimyo fanlari nomzodi (Qozogʻiston), Ovezdurdiev Allaverdi - kimyo fanlari nomzodi (Turkmaniston) va boshqalar aspirantura kurslarini tugatib, doktorlik va nomzodlik dissertasiyalarini himoya qilganlar.

Laboratoriya xodimlari ro'yxati:

Botirov Erkin Xojiakbarovich - laboratoriya mudiri, kimyo fanlari doktori, professor,

Agzamova Manzura Adxamovna - kimyo fanlari doktori, yetakchi ilmiy xodim,

Eshbakova Kamila Alibekovna - kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim,

Muxamatxanova Rimma Failievna - fan nomzodi, katta ilmiy xodim,

Dusmatova Dilnoza Ergashboevna - fan nomzodi, katta ilmiy xodim,

Shamyanov Ildar Djamilevich - katta ilmiy xodim,

Oxundedayev Bohodir Sotvoldievich - fan nomzodi, kichik ilmiy xodim,

Siddiqov Doniyor Raximovich - fan nomzodi, kichik ilmiy xodim.

Laboratoriya xodimlari

Sahifani oching https://aps.uzicps.uz/teachers?page=1&search=&department_id=4