Institut asoschisi
- Bosh sahifa
- Institut asoschisi
INSTITUT ASOSCHISI
Akademik Sobir Yunusovich Yunusov 1909 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1935 yilda O‘rta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi O‘zMU) kimyo fakultetini tugatgan. 1936 yil Moskvaga, Butunittifoq kimyo farmatsevtika instituti PhD-talabasiga (aspiranturasiga) o‘qishga kirgan. 1939 yilda akad. A.P. Orexov rahbarligida Ko‘knori o‘simligi alkaloidlari mavzusida (Remerin va armepavin alkaloidlari) nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, 1941 yilda Moskva mudofaasida qatnashgan, yarador bo‘lib, bir necha shaharlardagi shifoxonalarda davolanib, 1943 yilda Toshkentga qaytgan va yangidan tashkil etilgan O‘zR FA Kimyo instituti tarkibida alkaloidlar kimyosi laboratoriyasini tashkil qilgan.
Bu laboratoriyada S.Yu. Yunusov ustozi akad. A.O. Orexovning ishlarini davom ettirdi. Uning rahbarligidagi laboratoriya xodimlari o‘sha davr qiyinchiliklariga qaramay, alkaloid saqlovchi yangi o‘simliklarni izlash, ulardan alkaloidlarni ajratib olish, kimyoviy tuzilishini va strukturasini, o‘simlikda hosil bo‘lish mexanizmi va to‘planish dinamikasi hamda vegetatsiya davri va o‘sish joyiga bog‘liq holda o‘simliklarning turli organlarida hosil bo‘lish mexanizmini o‘rganish bilan shug‘ullandilar.
S.Yu. Yunusov ilmiy ishlar natijalarini jamlab, “O‘simliklarda alkaloidlarning hosil bo‘lishi, roli va to‘planish dinamikasi” mavzusida umumlashgan ilmiy maqolalarni e’lon qildi. Bu ish D.I. Mendeleyev nomidagi Butunittifoq kimyo jamiyatining diplomiga sazovor bo‘ldi. Ilmiy va amaliy nuqtayi nazaridan alkaloidlar hosilalarini o‘rganish katta ahamiyatga ega bo‘ldi. S.Yu. Yunusov va uning shogirdlari hamda davomchilari tomonidan moddalarning kimyoviy tuzilishi va farmakologik faolligi o‘rtasidagi bog‘liqlik qonuniyatlari aniqlandi. Klinik nuqtayi nazaridan bu hosilalarning ba’zi birlari o‘simlik tarkibidagi alkaloidlardan ustun ekanligi tadqiq etildi. Institut olimlari tomonidan tibbiyot sohasidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda S.Yu. Yunusov rahbarligida O‘rta Osiyo hududida o‘sadigan va inson hamda hayvonlar uchun zaharli bo‘lgan, jalangar ensefoliti va assitli texnik gepatit qo‘zg‘aydigan (chaqiradigan) alkaloidlar saqlaydigan o‘simliklar topildi. Olimlarning tavsiyasiga binoan bu o‘simliklarga nisbatan karantin e’lon qilindi.
S.Yu. Yunusov va shogirtlari
S.Yu. Yunusov 1949 yilda “Tetragidroizoxinolin va fenantridin qatoridagi alkaloidlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvofaqqiyatli himoya qildi.
O‘sha yillari sobiq SSSR FA Prezidenti lavozimida faoliyat ko‘rsatgan mashxur olim A.N. Nesmeyanov alkaloidlar sohasida olib borilayotgan ishlarga baho berib shunday degan edi. “Biz vatanimizda o‘sadigan o‘simliklarda uchraydigan alkaloidlar sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan, akad. A.P. Orexov maktabi bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi alkaloidlar sohasida olib borilayotgan adqiqotlar ilmiy markazi bo‘lib qoldi”.
1950-1952 yillarda kimyo instituti direktori bo‘lgan. 1952 yilda O‘zSSR FA akademigi, Fanlar Akademiyasining vitse-prezidenti etib saylangan va 1962 yilgacha bu lavozimda ishlagan.
1956 yilda ko‘p yillardan beri orzusi bo‘lgan O‘simlik moddalari kimyosi institutiga asos solgan va 1959 yildan 1983 yilgacha mazkur institutning direktori bo‘lib ishlagan. 1958 yilda S.Yu. Yunusov SSSR Fanlar akademiyasining ilm-fanni rivojlantirishdagi, yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi yutuqlari uchun SSSR FA muxbir a’zosi etib saylangan.
Institut 1967 yilda Mehnat Qizil bayroq ordeni bilan mukofotlangan. 1959 yildan O‘zSSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, 1968 yilda bir guruh shogirdlari bilan birga yangidan ta’sis etilgan Beruniy nomidagi Respublika mukofoti laureati bo‘lgan. 1969 yilda S.Yu. Yunusovga “Sotsialistik mehnat qahramoni” unvoni berildi. S.Yu. Yunusov 1962 yildan buyon Germaniya Demokratik Respublikasi Galle shahridagi Leopoldino nomidagi Germaniya tabiatshunoslar Akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘lgan. 1971 yilda Alkaloidlar kimyosini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun SSSR FA ning D.I. Mendeleyev nomidagi oltin medali bilan mukofotlangan. S.Yu. Yunusov “Oktyabr revolyutsiyasi”, “Mehnat qizil bayroq”, “Hurmat belgisi” ordenlari va bir qancha medallar bilan, O‘zbekiston mustaqil deb e’lon qilingandan so‘ng, 2002 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. 2007 yilda esa yangi antiaritmik preparat Allapininga asos solgani uchun bir guruh mualliflar qatorida 1-darajali O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
S.Yu. Yunusov rahbarligida alkaloidlar kimyosi laboratoriyasida 4000 dan ortiq o‘simliklar tarkibidagi alkaloidlar tekshirilgan, natijada 750 dan ortiq alkaloidlar ajratib olingan, ulardan 400 dan ortig‘i yangi alkaloidlardir.
S.Yu. Yunusov ko‘plab mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan ilmiy simpozium va konferensiyalarda (Hindiston, XXR, Shveysariya, Fransiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Koreya Xalq Respublikasi va boshqalar) qatnashib, O‘zbekiston va Sovet fanining yutuqlari bilan tanishtirdi.
Mingga yaqin ilmiy maqolalar, avtorlik guvohnomalari, “Alkaloidlar” spravochnigi muallifidir, ushbu spravochnik 3 marta nashr etilgan.
Institutning rivojlanishida va laboratoriyalar tashkil topishida akad. S.Yu. Yunusovning xizmatlari beqiyosdir. Alkaloidlar kimyosi laboratoriyasida ishlab, nomzodlik va doktorlik dessertatsiyalarini himoya qilgan shogirdlari va tashqaridan tashrif buyurgan olimlarga S.Yu. Yunusov yangi yo‘nalishlar bo‘yicha laboratoriyalar tashkil qilib, ularni kimyo fanining turli sohalarida faoliyat yuritishni taklif qildilar.
Agar 1956 yilda, institut tashkil etilgan vaqtda 6 ta laboratoriya faoliyat yuritgan bo‘lsa (alkaloidlar kimyosi, glikozidlar kimyosi, g‘o‘za kimyosi, farmakalogiya va kimyoterapiya, organik mikroanaliz, organik sintez laboratoriyalari), 1960 yilda lipidlar kimyosi, dorivor va texnik o‘simliklar laboratoriyalari, 1963 yilda tajriba – texnologiya laboratoriyasi, 1964 yilda defoliantlar kimyosi, o‘stiruvchi moddalar kimyosi, gerbitsidlar kimyosi laboratoriyalari, 1966 yilda o‘simlik oqsillari kimyosi, lakton va kislotalar kimyosi laboratoriyalari, 1967 yilda fizik uslublar bilan tadqiq etish laboratoriyasi, 1969 yilda fosfor tutuvchi o‘simlik moddalari kimyosi laboratoriyasi, 1970-1974 yillarda kumarinlar va flavonoidlar kimyosi, lignin kimyosi, uglevodlar kimyosi, fitotoksikologiya, nuklein kislotalar kimyosi laboratoriyalari tashkil etildi.
S.Yu. Yunusovning tashabbusi va SSSR FA Prezidiumining qarori bilan O‘zSSR FA da 1965 yilda “Ximiya prirodnix soyedineniy” Butunittifoq ilmiy jurnali ta’sis etildi va 1992 yilgacha u kishi bu jurnalga bosh muharrirlik qildi.
Akad. S.Yu. Yunusovning bevosita rahbarligida alkaloidlar sohasida 20 dan ortiq fan doktori va 120 dan ortiq fan nomzodi tayyorlandi. S.Yu. Yunusov 1984-1985 yillarda Institutda direktor maslahatchisi, 1985-1988 yillarda O‘zSSR FA kimyo-biologiya bo‘limi raisi, 1990 yildan Institutimiz fahriy direktori edi. U kishining: “Biz, olimlarning jamiyatimiz oldida, xalqimiz oldida juda qarzlarimiz ko‘p, uning bir qisminigina (avans) qaytardik, xolos”,- degan so‘zlari qulog‘imiz ostida jaranglab turibdi. S.Yu. Yunusov 1995 yil 29-noyabrda og‘ir kasallikdan vafot etdi.
1999 yilda akad.S.Yu. Yunusovning tavalludiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan O‘simlik moddalari kimyosi institutiga akad.S.Yu. Yunusov nomi berildi.
S.Yu. Yunusov farzandlarining barchasi MDU da o‘qigan. S.Yu. Yunusovning katta qizi Jannat opa (matematik) oilasi bilan Isroil davlatida yashamoqda (umr yo‘ldoshi f.m.fanlari nomzodi Boltaboy aka bilan). Katta o‘g‘li Marat Sobirovich Yunusov kimyo fanlari doktori, professor, Rossiya FA akademigi, 1989 yilgacha O‘MKIda alkaloidlar kimyosi laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishlagan, bugungi kunda oilasi bilan Ufa shahrida yashaydi (umr yo‘ldoshi k.f.n Yunusova S.G.). Kichik qizlari Yunusova Lola b.f.n., Moskva shahrida istiqomat qiladi.
Yunusov M.S.
Kichik o‘g‘li Timur Yunusov k.f.d., professor, 1971-1993 yillarda O‘MKI da kichik, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimlarida ishlagan. Hozirgi kunda oilasi bilan AQShda yashaydi.
© 2024 OʻzR FA OʻMKI. Barcha huquqlar himoyalangan.