PROFESSOR B.J. ELMURADOV GERMANIYADA KVANT KRISTALLOGRAFIYASI BO‘YICHA ILMIY SAFARDA

Ayni paytda O'zR FA S.Y.Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori o‘rinbosari, professor B.J. Elmuradov Germaniya tadqiqot jamg‘armasi (Deutsche Forschungsgemeinschaft – DFG) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Quantum Crystallographic Exchange between Uzbekistan and Germany” davlatlararo hamkorlik loyihasi doirasida Germaniyaning Regensburg universitetida ilmiy faoliyat olib bormoqda.

Ilmiy safar doirasida

Professor B.J. Elmuradov Regensburg universitetining Kimyo va farmatsevtika fakultetida loyiha rahbari, professor Michael Bodensteiner rahbarligidagi ilmiy guruh bilan hamkorlikda zamonaviy organik, metalorganik sintez va kristallografik tadqiqotlarni amalga oshirmoqda.

Tadqiqotning asosiy yo‘nalishlari:

-tarkibida turli farmakofor guruhlar va fragmentlar saqlagan almashingan xinazolon hosilalarini sintez qilish;

-sintez qilingan birikmalar asosida metall-organik karkaslar (MOF) olish;

-birikmalarning kristall tuzilishini zamonaviy kristallografik usullar yordamida tadqiq etish.

-“kristall tuzilish – xossa” o‘zaro bog‘liqligini aniqlash;

-“tuzilish – biologik faollik” munosabatlarini o‘rganish;

-kvant kristallografiyasi yondashuvlarini organik va biofaol birikmalar tadqiqotlariga tatbiq etish.

-O‘zbekiston – Germaniya ilmiy hamkorligi

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Germaniya olimlari o‘rtasidagi zamonaviy kristallografiya, organik sintez va materialshunoslik yo‘nalishlaridagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ilmiy safar davomida o‘zlashtirilayotgan ilg‘or metodlar va zamonaviy tadqiqot yondashuvlari kelgusida O‘zbekistonda organik va metalorganik sintez, kristallografiya hamda biofaol birikmalar kimyosi bo‘yicha tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilmiy natijalar va istiqbollar

Germaniyaning yetakchi ilmiy markazlari (Myunxen Texnika Universiteti, Regensburg Universitati) bilan hamkorlikda olib borilayotgan mazkur tadqiqotlar yangi istiqbolli birikmalarni yaratish, ularning tuzilishi va xossalari o‘rtasidagi qonuniyatlarni aniqlash, hamda amaliyotga joriy qilish bilan bog‘liq fundamental va amaliy jihatlarni chuqurroq tushunishga zamin yaratadi.

Shuningdek, loyiha doirasidagi ilmiy hamkorlik kelgusida qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy nashrlar va yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bizni kuzatib boring!

[Telegram] | [Facebook] | [YouTube] |