O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimasi “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zRFA akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti Organik sintez bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi Nazira Kudratovna Xidirova “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak e’tirof olimaning ko‘p yillik samarali ilmiy faoliyati, yosh kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari hamda mamlakatimiz ilm-fani va ilmiy ishlari orqali qishloq xo‘jaligi rivojiga qo‘shgan munosib hissasining yorqin ifodasidir.

     

Olima 1956 yil 6 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1980 yilda ToshDUni (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1995 yilda “Gossipium hirsutum L. va Platanus orientalis L. barglari izoprenoidlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

U o‘z ilmiy faoliyati davomida institutda turli lavozimlarda ishlab, bugungi kunda Organik sintez bo‘limining yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Olimaning ilmiy izlanishlari asosan mahalliy o‘simlik xom ashyosi asosida poliizoprenoidlar kimyosi, ularning kimyoviy o‘zgarishlari, biologik faol moddalarni o‘rganish hamda qishloq xo‘jaligi va tibbiyot uchun yangi preparatlar yaratish masalalariga bag‘ishlangan.

Olimaning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshiruvchi “Uchqun” biostimulyatori hamda parrandachilikda qo‘llash uchun “Gossipren” ozuqaviy konsentrati ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu ishlanmalar tegishli davlat idoralari tomonidan amaliyotga joriy etish uchun tavsiya etilgan. Hozirgi kunda olima rahbarligida qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun “Xaplotsid” deb nomlangan insektitsid xususiyatiga ega yangi vosita ustida keng qamrovli tadqiqotlar olib borilmoqda.

Nazira Kudratovna ilmiy rahbar sifatida ham faol bo‘lib, uning rahbarligi va hamrahbarligida bir qator doktorantlar, magistrlar hamda bakalavrlar ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga jalb etish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish hamda ilmiy maktab shakllanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Olimaning ilmiy merosi ham salmoqli bo‘lib, u 260 dan ortiq ilmiy maqolalar, 8 ta patent, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy ishlanmalar muallifi hisoblanadi. Uning ilmiy ishlari respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan hamda Angliya, AQSH, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Polsha va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va simpoziumlarda taqdim etilgan.

Bugungi kunda Nazira Kudratovna institut huzuridagi ilmiy kengash faoliyatida ham faol ishtirok etib, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Ko‘p yillik samarali mehnati va fidokorona faoliyati uchun u ilgari ham “Mehnat faxriysi” I darajali hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

 

O‘simlik moddalari kimyosi instituti jamoasi Nazira Kudratovna Xidirovani ushbu yuksak mukofot bilan samimiy muborakbod etadi va unga mustahkam sog‘lik, ilmiy faoliyatida yangi yutuqlar hamda ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.