I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Artemisia juncea, Ficus carica va Psoralea drupaceae o‘simliklarining terpenoidlari va fenol birikmalari», 02.00.10 - Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).

Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: В2021.4.PhD/K205.

Ilmiy rahbar: Aripova Salimaxon Fazilovna, kimyo fаnlаri dоktоri, prоfеssоr.

Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01.

Rasmiy opponentlar: kimyo fanlari doktori Normaxamatov Nodirali Saxobataliyevich; kimyo fanlari doktori Karimov Abdurashid Musaxonovich.

 

Yetakchi tashkilot: Bioorganik kimyo instituti.

Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston hududida o‘suvchi Artemisia juncea, Ficus carica va Psoralea drupacea o‘simliklarining terpenoid va fenol birikmalarini kimyoviy tadqiq qilish; P. drupacea o‘simligidan furokumarinlarni olishning yangi optimal usulini ishlab chiqish; F. carica barglarini furokumarin tarkibini sifat jihatdan tahlil qilishning yangi usulini ishlab chiqish, shuningdek, ekstraktiv summalar va ularning individual holdagi birikmalarining biologik faolligini tadqiq qilishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston florasidagi Artemisia juncea o‘simligining yer ustki qismi birinchi marotaba tadqiq qilingan. Mazkur o‘simlik tarkibida terpenoidlar va flavonoidlar biosintez qilishi aniqlangan. Natijada, mazkur o‘simlikdan 5 ta seskviterpen lakton, 2 ta triterpenoid, 11 ta flavonoid – shundan 2 tasi adabiyotlarda ma’lum bo‘lmagan yangi flavonoid, 1 ta siklik poliol ajratib olingan. Individual holda ajratib olingan birikmalarning tuzilishi aniqlangan, shuningdek, 78 ta uchuvchan mono- va seskviterpenoid birikmalari identifikatsiya qilingan;

A. juncea o‘simligidan birinchi marotaba adabiyotlarda ma’lum bo‘lmagan 11-epi-degidroizoleukomizin seskviterpen laktoni ajratib olinib, molekulasidagi barcha xiral markazlarning tuzilishi va absolyut konfiguratsiyasi RTT yordamida 7R,8S,11S ekanligi aniqlangan;

A. juncea o‘simligi yer ustki qismidan biologik faol seskviterpen lakton austritsin olishning yangi usuli ishlab chiqilgan;

Ficus carica barglaridan paro- va gidrodistillyatsiya usullari yordamida, shuningdek, benzolli ekstraktidan olingan uchuvchan komponentlarni birinchi marotaba GX-MS usulida identifikatsiya qilingan;

F. carica barglarining tarkibidagi furokumarinlarning sifat jihatdan aniqlash testi ishlab chiqilgan;

Psoralea drupacea o‘simligi dukkaklaridan furokumarinlarning olishni yangi usuli ishlab chiqilgan hamda furokumarinlar – angelitsin va psoralen individual holda ajratib olinib va biologik tadqiqiotlar uchun ularni suvda eruvchan shakllari olingan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Artemisia juncea, Ficus carica, Psoralea drupacea o‘simliklarining fitokimyoviy tadqiqotlari asosida olingan natijalar quyidagilar joriy qilingan:

ajratib olingan 11-epi-degidroizoleukomizin seskviterpen laktonining rentgen tuzilish ma’lumotlari Buyuk Britaniyaning xalqaro tuzilish ma’lumotlar bazasida (The Cambridge Structural Database, https://www.ccdc.cam.ac.uk/structures/) ro‘yxatga olingan va CCDC 2216443 hamda CIHNEQ  xos ID raqami berilgan. Natijada elektron dasturlarni qo‘llagan holda bazaga kiritilgan shu kabi moddalarning fazoviy tuzilishlarini hamda potensial farmakologik faolligini aniqlash imkonini bergan;

tadqiqot ilmiy natijalari 2017-2020 yillar davomida bajarilgan №TA-FA-F7-008 «Tabiiy terpenoid va fenol birikmalarini o‘rganish hamda ular asosida tibbiyot, veterinariya va qishloq xo‘jaligi uchun dori vositalari yaratish») fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 22-noyabrdagi № 4/1255-3263-son ma’lumotnomasi). Natijada Artemisia L. turkumidagi o‘simliklarining terpenoidlari va flavonoidlarini tuzilishi hamda biologik faolliklarini o‘rganish imkonini bergan;

A. juncea o‘simligining yer ustki qismidan ajratib olingan birikmalarni spektr ma’lumotlari va kimyoviy tuzilishi xorijiy ilmiy nashrlarda seskvitrepen laktonlar va flavonoidlarning tuzilishini aniqlashda foydalanilgan (Biochemical Systematics and Ecology, 2020, V. 92, 104124, Sci Journal, IF 1.502; Current Pharmaceutical Biotechnology, 2020, V. 21, 1711-1721, Sci Journal, IF 2.564; Cell Biochem. Funct., 2020;1–8, Sci Journal, IF 3.957; Natural Product Research, 2020/2021, Bioxbio, IF 2.861). Tadqiqiot natijalari ajratilgan birikmalarning tuzilishini aniqlash uchun asos bo‘la oladi.