KONFERENSIYAGA XALQARO QIZIQISH ORTIB BORMOQDA

2026-yil 7–9-oktabr kunlari Toshkent shahrida S.Yu. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti tomonidan tashkil etilayotgan “Biologically Active Compounds: From Chemistry to Medicine” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

Konferensiyada xorijiy davlatlardan 70 nafardan ortiq olim va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Bu konferensiyaning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi qiziqishi va nufuzining ortib borayotganidan dalolat beradi.

Xorijiy ishtirokchilar orasida Germaniya, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Portugaliya, Janubiy Koreya, Tailand, Malayziya, Qozog‘iston, Jazoir va boshqa davlatlarning yetakchi universitetlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari mavjud. Konferensiya dasturidan tabiiy mahsulotlar kimyosi, farmakognoziya, dorivor o‘simliklar, biologik faol birikmalar, organik sintez, biotexnologiya, farmatsevtik tadqiqotlar, neyrodegenerativ va onkologik kasalliklar uchun istiqbolli birikmalar kabi dolzarb ilmiy yo‘nalishlar o‘rin olgan.

Konferensiyada xalqaro miqyosda tan olingan olimlarning plenаr ma’ruzalari ham taqdim etiladi. Jumladan, Germaniyadan Till Opatz va Sarah Westarp, Portugaliyadan professor Anake Kijjoa, Xitoydan Prof. HQ XIE, Ying-Jun Zhang va Luoyi Wang, Janubiy Koreyadan professor Hyun Uk Kim kabi olimlar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari natijalarini taqdim etadilar.

Mazkur konferensiya O‘zbekistondagi ilmiy maktablarni xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan yanada yaqinlashtirish, yangi ilmiy hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish hamda “kimyodan tibbiyotgacha” bo‘lgan tadqiqotlar zanjirida yangi ilmiy loyihalarni shakllantirish uchun muhim xalqaro ilmiy platformaga aylanmoqda.

7–9 oktabr 2026 | Toshkent, O‘zbekiston

Konferensiyaning rasmiy veb-sayti: https://conf.uzicps.uz/